O‘zbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasi
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Milliy madaniyatni rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda Konsepsiya deb yuritiladi) mamlakatimizda milliy madaniyat va san’atni yanada rivojlantirishning maqsadi, vazifalari, tamoyillari, shuningdek ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi. Sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda mazkur Konsepsiya g‘oyalariga e’tibor qaratiladi.
2. Mazkur Konsepsiyada milliy madaniyat va san’atni yanada rivojlantirishga mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning uzviy va ajralmas qismi sifatida qaraladi, 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi talablari asosida hamda milliy va jahondagi ilg‘or tajribalar, mamlakatimizdagi ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar bilan uyg‘un ravishda amalga oshiriladi.
3. Mamlakatning tarixiy rivojlanish jarayonida madaniyat va san’at xalqimizning ma’naviy boyligini saqlab, to‘plab avlodlarga yetkazib kelgani, xalqimizda birdamlik, vatanparvarlik va milliy g‘urur hissini tarbiyalaganini e’tirof etgan holda, madaniyatning ustuvorligiga urg‘u berish, jamiyat hayoti sifatining yanada yuqori darajasini ta’minlash, unda fuqarolarning hamjihat bo‘lishiga erishish, ma’naviyatli, mas’uliyatli, mustaqil fikrlovchi ijodkor shaxsni shakllantirish Konsepsiyaning asosiy mazmunini tashkil etadi.
2-bob. Milliy madaniyatni yanada rivojlantirishning asosiy maqsadi va tamoyillari
4. Madaniy va ijtimoiy sohani takomillashtirish orqali barkamol shaxsni shakllantirish va jamiyatning hamjihatligini mustahkamlash milliy madaniyatni yanada rivojlantirishning asosiy maqsadi hisoblanadi.
5. Quyidagilar milliy madaniyatni yanada rivojlantirishning asosiy tamoyillari hisoblanadi:
ijod erkinligi, madaniyatlararo munosabatlarda teng huquqlilik, inson huquqlari, milliy va umumbashariy qadriyatlarni hurmat qilish va madaniyatlar xilma-xilligini saqlash;
madaniyat va san’at sohasida ta’lim-tarbiyaning tizimliligi, ilmiyligi va davomiyligini ta’minlash;
madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlarning ommaviyligi va ochiqligiga erishish;
shaxs ruhiyati va kamolotiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi g‘oyalarga murosasiz bo‘lish kayfiyatini shakllantirish.
3-bob. Milliy madaniyatni yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari
6. Quyidagilar milliy madaniyatni yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi:
a) moddiy va nomoddiy madaniy meros hamda muzeylar sohasida:
ajdodlar tomonidan to‘plangan tarixiy va madaniy tajriba jamiyat a’zolarining individual va umumiy rivojlanishi uchun zaruriy shart ekanligini jamoatchilik ongiga singdirish, bu borada jamoatchilik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash;
tarixiy, ilmiy, badiiy yoki o‘zgacha madaniy qimmatga ega bo‘lgan ko‘chmas mulk obyektlarini aniqlash va davlat muhofazasiga olish, bu borada davlat va jamoat nazorati tizimini takomillashtirish;
asrashga doir ishlarga va arxeologiya tadqiqotlariga ruxsatnoma berish, obyektlarni identifikatsiyalash, arxeologiya ashyolarini hisobga olishga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, obyektlar haqidagi barcha ma’lumotlarni yagona elektron axborot bazaga birlashtirish;
chuqur ilmiy-tarixiy yondashuv asosida obyektlarning tarixiy-madaniy qimmati va noyobligiga putur yetkazmagan holda asrashga doir ishlarni bajarilishini yo‘lga qo‘yish, obyektlarga tabiiy va texnogen ta’sirlarning salbiy oqibatlarining oldini olish;
nomoddiy madaniy meros elementlarini to‘plash, hujjatlashtirish va muhofaza qilish, ularning saqlovchilarini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, O‘zbekiston tarixi va madaniyatiga oid xorijiy davlatlardagi nomoddiy madaniy meros elementlarini yozib olish va saqlashga ko‘maklashish;
insoniyat taraqqiyoti va jahon madaniyatiga munosib hissa qo‘shgan yurtimizning madaniy merosini YUNESKOning tegishli ro‘yxatlariga kiritish choralarini kuchaytirish;
milliy muzey fondidagi muzey ashyolari va kolleksiyalarini ishonchli saqlash, fondni boyitib borish, ilmiy o‘rganish, keng targ‘ib etish va samarali foydalanish;
muzeylarni boshqarishda samarali menejment va marketing usullaridan foydalanish, muzeylarning moddiy-texnik bazasini zamon talablari asosida yanada mustahkamlash, ularga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish;
b) teatr, kino va sirk sohasida:
zamonaviy pyesalar, milliy mumtoz, jahon klassik asarlari asosida teatrlarning uzoq muddatli repertuarini shakllantirish, teatrlarning mahalliy va xorijiy davlatlardagi gastrol faoliyatini tizimli amalga oshirish;
tarixiy shaxslar, zamonamiz qahramonlari obrazlarini yaratish, teatr va kino asarlarining g‘oyaviy-badiiy darajasini ko‘tarish, xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini oshirish, teatr va kino tanqidchiligini kuchaytirish;
xalqimiz, ayniqsa, yoshlar qalbida milliy istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, ona Vatanga muhabbat, buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi immunitetni yanada kuchaytirishda teatr va kino san’atining rolini oshirish;
milliy kino mahsulotlarini keng targ‘ib qilish va ularning xalqaro kinofestivallarda munosib o‘rin egallashiga erishish;
tarixiy haqiqat va real voqelikni yorqin aks ettiruvchi hujjatli va ilmiy-ommabop filmlar yaratish tizimini takomillashtirish;
sirk dasturlarining badiiy saviyasini oshirish va tomoshabinlar qamrovini kengaytirish, xalqaro maydonda milliy sirk san’ati nufuzini yanada yuksaltirish;
aholining sirk tomoshalariga qiziqishini inobatga olib, ko‘chma sirklar faoliyatining samaradorligini oshirish, sirklarda xavfsizlik choralarini kuchaytirish;
teatr, kino va sirk muassasalarining moddiy-texnik bazasini zamon talablari asosida mustahkamlash va jihozlash;
v) milliy musiqa san’ati sohasida:
avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan milliy musiqa merosimizni asrab-avaylash, yangi sharoitlarda rivojlantirish va ulardan xalqimizni bahramand qilish uchun keng imkoniyatlar yaratish;
kompozitor, bastakor va sozandalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, havaskorlar orasidan iste’dodli ijrochilarni aniqlash maqsadida turli darajadagi ko‘rik-tanlovlarni o‘tkazish, an’anaviy musiqa janrlarini yangi shart-sharoitlarda rivojlantirish maqsadida “ustoz-shogird” an’anasini yanada rivojlantirish;
milliy va jahon kompozitorlari ijodiyotini insoniyat intellektual xazinasi sifatida xalq orasida keng targ‘ib qilish, zamonaviy ruhda yuksak badiiy asarlar yaratish, katta musiqiy asarlar, jumladan opera, simfoniya, konsert va oratoriya kabi mumtoz janrlarni rivojlantirish;
yosh kompozitorlar, bastakorlar, musiqashunoslar va ijrochilarning ijod bilan samarali shug‘ullanishlari uchun barcha imkoniyat va sharoitlarni kengaytirish;
O‘zbekiston davlat filarmoniyasi tarkibidagi badiiy jamoalar ijrosidagi musiqiy asarlarning badiiy va tarbiyaviy ahamiyatini yuksaltirish hamda xalqning, ayniqsa, yoshlar orasida keng targ‘ib etish;
g) milliy estrada san’ati sohasida:
milliy qadriyatlar asosida estrada qo‘shiqchilik san’atini yanada rivojlantirish va targ‘ibotini kuchaytirish;
iste’dodli estrada xonandalarini aniqlash va ularning ijodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish;
aholining madaniy ehtiyojlarini qanoatlantirishga, yoshlarni yuqori saviyadagi milliy estrada qo‘shiqlari namunalari asosida tarbiyalashga yo‘naltirilgan ommaviy-madaniy tadbirlar, konsertlar va gastrollarni tizimli tashkil etish;
“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi huzuridagi “O‘zbekiston xalq artistlari klubi” faoliyatini yanada rivojlantirish, musiqa maktablarida tahsil olayotganlar uchun “mahorat darslari”ni o‘tkazish va iste’dodli yoshlarni aniqlashga alohida e’tibor qaratish;
musiqa va san’at maktablarida “ustoz-shogird” an’analarini rivojlantirish hamda taniqli san’atkorlar ishtirokida ijodiy uchrashuvlar tashkil etish;
ijodiy birlashmalar, jamoalar va yakkaxon ijrochilarning faoliyati, repertuarlari va ssenariylarining g‘oyaviy va badiiy saviyasini oshirish;
d) milliy raqs san’ati sohasida:
milliy raqs san’atining rivojlanish bosqichlarini ilmiy jihatdan chuqur o‘rganish, jahon madaniyatida tutgan o‘rnini mustahkamlash va uning yangi namunalarini yaratish;
“ustoz va shogird” an’anasi asosida milliy raqs sohasidagi yetuk raqs ustalari, iste’dodli va yuqori malakali ijrochilarning raqs maktablarini yaratish, ularning uslublarini tiklash va rivojlantirish;
milliy raqs san’atining noyob merosini, shu jumladan milliy qadriyatlarni aks ettiruvchi sahna liboslarini saqlab qolish, tiklash va yangilarini yaratish;
milliy va umuminsoniy qadriyatlar bilan uyg‘unlikda milliy raqs va xoreografiya san’atini badiiy jihatdan rivojlantirish;
avloddan avlodga noyob meros sifatida o‘tib kelayotgan jozibali raqs namunalarini to‘plash, boyitish, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod ongiga bu bebaho boyliklarga chuqur hurmat va havas tuyg‘ularini singdirish;
mamlakatimizning barcha hududlaridagi raqs yo‘nalishlarini asrash, avaylash, xalqimizga estetik zavq bag‘ishlovchi zamonaviy o‘zbek raqs maktabini yaratish;
e) tasviriy va amaliy san’at sohasida:
tasviriy va amaliy san’at, dizayn va xalq hunarmandchiligi sohalarida iste’dodli ijodkorlarni barvaqt aniqlash, ularni qo‘llab-quvvatlash, ijodkorlarning badiiy salohiyatini oshirish tizimini takomillashtirish;
xalq ustalarining o‘ziga xos uslubi va maktabini davom ettirish, atoqli madaniyat va san’at arboblari bilan tajriba almashishda “ustoz-shogird” an’anasidan samarali foydalanish, shuningdek ijodiy ustaxonalar faoliyatini kuchaytirish;
xalq amaliy san’ati an’analarini saqlash va rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, xalq hunarmandchiligini qo‘llab-quvvatlash;
yurtimiz va xorijda keng ko‘lamdagi ko‘rgazmalar tashkil etish orqali milliy san’atimiz yutuqlarini dunyo jamoatchiligiga tanitish;
buyuk rassomlar, xalq ustalari va rassomlari, san’at arboblari va iste’dodli yosh ijodkorlarning sara asarlarini ommalashtirish;
yo) madaniyat va istirohat bog‘lari hamda madaniyat markazlari sohasida:
madaniyat va istirohat bog‘lari hamda madaniyat markazlarining moddiy-texnik bazasini, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik asosida mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada takomillashtirish;
istirohat bog‘larining qiyofasini tubdan qayta ko‘rib chiqish, ularda xalq sayillarini doimiy o‘tkazish tizimini yaratish, attraksion va o‘yin qurilmalarining texnik xavfsizligini ta’minlash.
madaniyat markazlarida xalq badiiy havaskorlik va ijrochilik san’atini rivojlantirish, ularning shakl va usullarini takomillashtirishga ko‘maklashish;
joylarda madaniy-ma’rifiy faoliyatning samarali usullarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ilg‘or tajribalarni umumlashtirish va targ‘ib qilishga ko‘maklashish;
j) ilm-fan, ta’lim, kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish sohasida:
sohada professional malakali kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shu jumladan pedagog kadrlarning salohiyatini oshirish tizimini takomillashtirish;
maktabgacha ta’lim muassasalarida boshlang‘ich musiqa tushunchalarini shakllantiruvchi (folklor musiqa, akademik mumtoz musiqa, estrada musiqasi) maxsus adabiyotlar yaratish va bolalar ijro repertuarini shakllantirish;
sohadagi boshlang‘ich, o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalarida ta’limning uzviyligi va davomiyligini ta’minlash, ta’lim sifatini oshirish, uning pirovardida iste’dodli ijodkorlarni yetishtirish;
sohada ilmiy tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash, ilmiy natijalarni amaliyotga joriy etish hamda san’at ahlining mehnat va ijod sharoitini yaxshilash;
jahonning mashhur madaniyat va san’at muassasalari bilan tajriba almashish va malaka oshirish tizimini kengaytirish;
xorijiy va milliy an’anaviy ta’lim tizimining eng yaxshi yutuqlaridan, shuningdek sohada ta’limni rivojlantirishga asoslangan texnologiyalardan keng foydalanish;
z) madaniyat turizmi sohasida:
madaniyat va san’at muassasalari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini zamon talablari va xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish va ularga mos yangi ko‘ngilochar markazlar, madaniyat va istirohat bog‘larini barpo etish;
mahalliy madaniyat va san’at muassasalarini jahon madaniy makoniga puxta integratsiya qilish, mamlakatimizning ijobiy qiyofasini shakllantirishda boy tarixiy-madaniy merosdan hamda madaniyat va san’atning zamonaviy yo‘nalishlaridan samarali va to‘liq foydalanish;
yurtimizda va jahonda madaniy merosimizga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirish, ularni ommalashtirish va madaniyatning turli yo‘nalishlari bo‘yicha turizmning imkoniyatlarini kengaytirish;
mamlakatning noyob madaniyat obyektlari, xususan tarixiy-madaniy majmualarini yorqin namoyon etgan holda sayyohlarni ommaviy jalb etadigan jozibali ko‘rinishini yaratish;
respublikamiz hududlarining o‘ziga xos jihatlarini inobatga olib, turizmni rivojlantirish borasidagi loyihalar doirasida muhim o‘rin tutadigan yangi madaniy sayyohlik yo‘nalishlarini yaratish va rivojlantirish;
madaniyat va san’at sohasida milliy brendlarni yaratish va ularning xalqaro turizm bozorlariga kirib borishiga kompleks yondashish, madaniyat sohasida xalqaro tanlov va festivallar o‘tkazishni qo‘llab-quvvatlash.
4-bob. Konsepsiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar
7. Konsepsiyani amalga oshirish orqali quyidagi natijalarga erishiladi:
madaniyat sohasiga oid normativ-huquqiy baza, ushbu sohadagi institutsional tizim va madaniyat muassasalari faoliyati takomillashtiriladi;
yosh avlod ongida an’anaviy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat hissi shakllanadi, etnik madaniy an’analarni asrash va ularga asoslangan xalq ijodiyoti rivojlanadi;
aholi, jumladan yoshlarning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi;
madaniyat sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etiladi, madaniyat va san’atni yanada keng tadqiq va targ‘ib etish jarayonida innovatsion g‘oyalar va texnologiyalardan samarali foydalaniladi;
madaniyat va san’at muassasalari faoliyatining samaradorligi ortadi, moddiy madaniy meros obyektlarini ishonchli saqlash va ulardan samarali foydalanish yo‘lga qo‘yiladi;
uzviy ta’lim tizimi yaratiladi hamda madaniyat sohasida fan va tadqiqot ishlari yanada yuqori pog‘onaga ko‘tariladi;
sohada mahoratli ijrochi va ijodkorlar, professional kadrlarni tayyorlash tizimi takomillashtiriladi;
mamlakatimizning tarixini o‘rganish, uni targ‘ib qilish va sayyohlik salohiyatini oshirishda muzeylarning roli ortadi;
sohada xizmat ko‘rsatishning sifati oshiriladi va yaratilayotgan asarlarning badiiy saviyasi yuksaladi;
madaniyat va san’at sohasida faoliyat yuritayotgan kengashlarning o‘rni yanada ortadi;
yetakchi xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan hamkorlik kengayadi va mustahkamlanadi;
milliy san’at an’analarini saqlab qolish va rivojlantirish hamda ularning jahon sahnasida e’tirof etilishi uchun sharoitlar yaratiladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
8. Mazkur Konsepsiya davlat va jamiyat faoliyatining barcha sohalarini modernizatsiya qilish, madaniyat sohasida islohotlar o‘tkazish, mamlakatning innovatsion rivojlanish yo‘liga o‘tishi, jamiyatni rivojlantirishning maqsad va ahamiyatini anglashga xizmat qiluvchi madaniy muhitda intellektual va madaniy rivojlangan kadrlarni tayyorlash uchun uslubiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
9. Konsepsiyaning amalga oshirilishi madaniyatning ustuvorligiga urg‘u berish orqali jamiyat hayoti sifatining yanada yuqori darajasiga erishish, xalqimizda vatanparvarlik va milliy g‘urur hissini tarbiyalash, fuqarolarni ahil, ma’naviyatli, mas’uliyatli, mustaqil fikrlovchi, ijodkor shaxs sifatida shakllantirish, madaniyat sohasidagi xizmatlar bozorini kengaytirish imkonini beradi.